Har bir yoshning qalbining tub-tubida erishishni ko‘zlagan maqsadlari turadi. Aksariyat yoshlar kelajakda uchuvchi bo‘lib, havo kengliklari uzra parvoz qilishni, Vatanining go‘zal va so‘lim go‘shalariga bulutlar ortidan qarashni orzu qiladi. Orzular qachonki qanot chiqarib maqsad tomon uchsa, yoshlikdagi hayolot ayni haqiqatga aylanadi.
Bugun oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrif buyurgan o‘quvchi yoshlar ham o‘z maqsadlari tomon yana bir dadil qadamlarini tashlashdi. Bilim yurti eshigidan kirishi bilan haqiqiy harbiycha hayotni, harbiy uchuvchining tarbiyalanishida nimaiki zarur bo‘lsa, barcha-barchasini ko‘zlari bilan ko‘rib, qalban his qilishdi.
Harbiy xizmatchi hayotida u qaysi mutaxassislik vakili bo‘lishidan qat’i nazar yuksak jangovar-harbiy mahorat va yuksak ma’naviy salohiyat muhim rol o‘ynashiga guvoh bo‘lishdi.
Bilim yurti bilan yaqindan tanishish mobaynida bevosita kursantlarning dars mashg‘ulotlarida ishtirok etishib, yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar hamda eng quvonarlisi ta’lim olish va parvoz amaliyotining uyg‘unligi ularni hayratga solganini yashirib o‘tirishmadi.