Aviatsiya mutaxassislarining sharafli yo‘li past-u balandliklardan iborat.
Ular uchish yo‘lagidan havoga ko‘tarilib, yana shu yo‘lakka qaytish o‘rniga mangu osmonda qolishi ham ehtimoldan xoli emas. Axir, uchuvchilar o‘lmaydi, ular olis osmonga parvoz qilib ketadi, deya aytishadiku. Ularning xizmatlari unutilmaydi, qahramonlar nomi mangu, barhayot! O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya instituti tashkil topganligining 30 yilligi arafasida mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya institutining sobiq bitiruvchilari – uchuvchi va muhandislarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish, ularning pok ruhlariga hurmat hissini shakllantirish maqsadida “Mangu jasorat” monumenti bunyod etildi.