O‘zbekiston prezidentining joriy yil 17-yanvardagi qaroriga asosan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy aviatsiya instituti tashkil etilgan edi. Bugun, 20-iyun kuni Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutining ilk qaldirg‘ochlarini bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.Tantanali bitiruv marosimida mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, dastlab institut shaxsiy tarkibini samimiy qutladi, harbiy aviatsiya mutaxassislari va bitiruvchilarning kelgusi faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi. Shuningdek, milliy armiyamiz saflarida oʻz oʻrniga ega boʻlgan mazkur institut harbiy xizmatchilari va kursantlari uzoq yillardan buyon turli taktik oʻquv mashgʻulotlarida, umumarmiya oʻyinlarida, qolaversa, xalqaro musobaqalarda faol qatnashib, Oʻzbekiston bayrogʻi baland koʻtarilishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani alohida eʼtirof etildi.