Institut tarixi

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti shtabi

Jizzax Oliy Harbiy Aviatsiya Bilim YUrti o‘zining tarixini 1994 yil 20 iyundan boshlagan.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tarixi O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillaridagi tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Bilim yurti O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun yuqori malakali harbiy uchuvchilar va zamonaviy texnikalarga sifatli xizmat ko‘rsata oladigan aviatsiya mutaxassislarini tayyorlashda o‘ziga xos shonli jangovar o‘tmish va an’anaga ega bo‘lib, hukumatimiz tomonidan yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajarib kelmoqda.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti o‘ta murakkab, ya’ni mustaqil O‘zbekistonimiz oyoqqa turayotgan bir paytda, istiqlolimizni himoya qilishdek vazifani bajarish maqsadida tashkil etildi. Ayni shu davrda Birinchi Prezidentimiz va hukumatimiz respublikada o‘zimizning milliy armiyamizni, mustaqil Qurolli Kuchlarimizni tashkil etishga katta e’tibor qaratdi. Aviatsiya, aviatsiya mutaxassislari esa O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tayanchi va o‘zagidir. SHu sababli ham Qurolli Kuchlarga aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash kun tartibidagi dolzarb masalaga aylandi va tegishli ko‘rsatma va vazifalar berildi.

Jizzax Oliy Harbiy Aviatsiya Bilim YUrtining NO‘P

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 20 iyundagi 310-41 sonli “Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori hamda, Mudofaa Vazirining 1994 yil 9 iyuldagi 21/1/0618 sonli buyrug‘iga asosan tashkil etildi. Ushbu hujjatlarga asosan bilim yurtini Jizzax shahar Hamroqul Nosirov nomli ko‘chadagi sobiq politexnikum o‘quv yurti joylashgan manzilda tashkil etish va uni o‘quv xonalaridan foydalanish ko‘zda tutildi.

BILIM YURTINING TASHKIL ETILISHI (1993-1994 y.)

Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida harbiy qasamyodni qabul qilgan kursantlar 1994 yil 2 oktyabrida Jizzax shahriga etib keldi. Ertasi kuni, ya’ni 1994 yilning 3 oktyabrida Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida o‘qish boshlanganligini bildiruvchi birinchi qo‘ng‘iroq chalindi.

O‘rni kelganda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil topishi xususida ham ma’lumot berib o‘tish joiz. Bilim yurti 1993 yilda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida tashkil etilgan “Aviatsiya” kafedrasining tashkil topishi bilan chambarchas bog‘langan. 1993 yilda ushbu kafedrada faqat uchuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha 100 nafar kursant o‘qishni boshlagan. 1994 yilning avgustida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining “Aviatsiya” kafedrasiga uchuvchilik va uchish apparatlari va dvigatellarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha texnik-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha kursantlar o‘qishga qabul qilindilar.

Jizzax Oliy Harbiy Aviatsiya Bilim YUrti Jangovor bayrog‘i va Faxriy yorlig‘i. Jizzax shaxri

1995 yil 27 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti nomidan Mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Ahmedov tomonidan bilim yurtiga harbiy-sharaf, matonat va shon-shuhratning ramzi bo‘lgan Jangovar Bayroq tantanali ravishda topshirildi.

Bilim yurti harbiy xizmatchilariga Vatanga sidqidildan xizmat qilish ular uchun jasorat va shon – shuhrat ramzi va muqaddas burch ekanligini, shu bilan birga Vatan ozodligini mardonavor qo‘riqlash va uning har bir qarich erini dushmandan himoya qilishda jonlarini ham ayamasliklarini eslatib turuvchi Jangovar bayroq shaxsiy tarkib bilan yonma-yon va ularga jangovar madad bermoqda.

Ushbu voqea bilim yurti tarixida unutilmas sanalardan biri bo‘lib qoldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Darvoqe, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘ining 1995 yil 27 apreldagi 111-sonli buyrug‘iga asosan 27 aprel – Jangovar Bayroq topshirilgan kun bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda.

BIRINCHI PARVOZ

1995- yil 25-aprel 2-bosqich kursanti Alibekov Axronbek

1995 yilning 25 aprel sanasi, soat 08.05, general-mayor G.Abdurahmonov uchuvchi-yo‘riqchi va kursant Ahronbek Alibekov o‘rganuvchi vazifasida
YAk-52 o‘quv samolyotida Qashqadaryo viloyatida joylashgan Xonobod aerodromidan tanishuv aylanasini bajarish maqsadida havoga ko‘tarilishdi. Umumiy hisobda to‘rt aylana, jami 20 daqiqalik parvozni bajargan uchuvchilar muvafaqqiyatli erga qo‘nishdi. Ikkinchi urinish… bilim yurti tarixida birinchi marta kursant Ahronbek Alibekov mustaqil ravishda YAk-52 samolyoti boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. U soat 08.30 da havoga ko‘tarildi.

Bu bilan o‘zini, qolaversa bilim yurti kursantlarining birinchi parvozini amalga oshirdi. Qarshi osmoni uzra 10 daqiqalik ikkita aylanani bajargan kursant Alibekov bilim yurti qo‘mondonligi, shaxsan general-mayor G.Abdurahmonov, uchuvchi yo‘riqchi A.Xodosov uchish apparatiga texnik xizmat ko‘rsatuvchi muhandis-texniklar tarkibi va kursantlar olqishi ostida erga qo‘ndi. Bu natija yuksak natija edi. Bu natija birgina kursant Alibekovniki emas balki, bilim yurti qo‘mondonligi, professor–o‘qituvchilar tarkibi, uchuvchi-yo‘riqchilarning mashaqqatli mehnatlari samarasi edi. Bu mustaqil O‘zbekistonimiz Harbiy Havo Kuchlarining ilk yutuqlaridan edi. Mazkur parvoz bilim yurti shaxsiy tarkibini behad quvontirdi va ularda o‘zlariga ishonch tug‘dirdi. SHundan buyon har bir uchuvchi samolyoti bilan ko‘kka ko‘tarilar ekan avvalo faxrni, so‘ng esa mas’uliyatni his etgan holda parvoz qiladi. Demak, hech shubhasiz 1995 yil apreldagi o‘sha ilq parvoz hozirgacha va bundan keyin ham uchuvchilarga yanada yuqoriroq yutuqlarga erishishida ma’naviy madad bo‘laveradi.

ILK QALDIRG‘OCHLAR

Albatta, dastlab bilim yurtida ishlarni tashkil etish oson bo‘lgani yo‘q. Biroq barcha toifadagi harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilarning fidokorona mehnati natijasi o‘laroq, bilim yurti qisqa muddat ichida o‘quv jarayonini bir maromda kechishini tashkil eta oldi. Bu mehnat samarasi, “meva”si 1997 yil 14 oktyabr kunida ko‘rindi. SHu kuni bilim yurtini 97 nafar uchuvchilik va muhandis-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha birinchi qaldirg‘ochlar bitirib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vaziri general-leytenant Hikmatilla Tursunov bilim yurtiga tashrif buyurib bitiruvchilarga diplomlar va ko‘krak nishonlari topshirish marosimida ishtirok etdi.

Bilim yurti tarixi ko‘plab bitiruvchilar, ko‘plab yutuqlar kuzatilgan va kuzatilmoqda. Biroq, o‘sha 97 nafar ilk bitiruvchi va o‘sha sana tarix zarvaraqlaridan alohida o‘rin oldi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY HARBIY

AVIATSIYA BILIM YURTI

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tarixida tub burilish yuz berib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni SHavkat Miromonovich Mirziyoev 2018 yil Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan Xonobod harbiy aerodromiga tashrifida Harbiy havo kuchlari tarkibida xizmat o‘tab kelayotgan uchuvchilar bilan o‘tkazgan suhbati chog‘ida, mazkur aerodromning mamlakatimiz samo sarhadlarini himoya qilishdagi o‘rni va ahamiyati xususida to‘xtalib, bugungi kunda aviatsiya mutaxassislarini tayyorlovchi dargoh ya’ni Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini Qarshi shahriga ko‘chirish, Xonobod aerodromi bo‘lajak uchuvchi va muhandislik yo‘nalishidagi kursantlarni tayyorlashda amaliyot maskani sifatida xizmat qilishi lozimligi xususida o‘zlarining takliflarini kiritdilar.

Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi, qolaversa, boy tajribaga ega bo‘lgan uchuvchi-mutaxassislar tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 yanvardagi Qaroriga muvofiq Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti deb qayta nomlandi.

Mazkur bilim yurtini joylashtirish uchun Qarshi shahridagi sobiq Serjantlar tayyorlash maktabining binosi tanlandi.

Mamlakatimiz Prezidenti Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni SH.M.Mirziyoevning tashabbuslari bilan davlat byudjetidan katta mablag‘ evaziga Qarshi shahrida zamon talablariga to‘liq javob beradigan, dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan aviatsiya mutaxassislarini tayyorlashga mos dargoh barpo etildi.

Bilim yurti boshliklari

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining birinchi boshlig‘i general – mayor Georgiy Olimdjanovich Abduraxmonov.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy Havo Kuchlari qo‘mondonining 1994 yil 3 avgustdagi 19/0172 sonli farmoyishiga asosan Harbiy Havo Kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Georgiy Olimdjanovich Abdurahmanov zimmasiga Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti va uning tarkibidagi o‘quv aviatsiya bazasini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

polkovnik G.O.Abdurahmanov oradan bir necha oy o‘tgach, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 1994 yil 3 dekabrdagi 01853-sonli buyrug‘iga binoan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining birinchi boshlig‘i etib tayinlandi. 1994-1998 yillarda Jizzax Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtinining birinchi boshlig‘i general – mayor Abdurahmanov G.O. 1950 yilning 7 avgustida Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda Kachinsk uchuvchilar tayyorlash oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini va 1984 yilda YU.Gagarin nomidagi Harbiy Havo Kuchlari akademiyasini tugatgan. Birinchi toifali harbiy uchuvchi.


polkovnik QADAM SHARIPOVICH VAFAEV

Bu inson 1950 yil 1 mart kuni Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Sizran oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar bilim yurtini tamomlagan. 1999-2003 yillarda Jizzax Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i vazifasini bajargan. Uchuvchi-snayper. 1998 yilda “II-darajali SHon-SHaraf” ordeni bilan taqdirlangan.
O‘tgan yillar davomida polkovnik Q.Vafaevning shaxsiy tashabbusi bilim yurtida aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash dasturlari va rejalariga o‘zgartirishlar kiritildi. O‘qish muddati muhandislik yo‘nalishida 4 yil deb belgilandi.

polkovnik OLIMJON IMINOVICH ERMATOV

Olimjon Ermatov 1967 yil 11 iyunda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Sizran oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar bilim yurtini tamomlagan. 2003 yilda Rossiya Federatsiyasining YU.Gagarin nomidagi Harbiy Havo Kuchlari akademiyasini tugatgan.

2003-2010 yillar oralig‘ada Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Birinchi toifali harbiy uchuvchi.

2001 yil yuksak davlat mukofoti “II-darajali SHon-SHaraf” ordeni bilan taqdirlandi.

polkovnik ALISHER TOLIBOVICH TURDIEV

Alisher Turdiev 1967 yil 4 aprelda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Kachinsk oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar bilim yurtini 1988 yilda tamomlagan. 1997 yili O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasini, 2008 yili Rossiya Federatsiyasi Harbiy Havo Kuchlari akademiyasini bitirgan. Birinchi toifali harbiy uchuvchi.

2001 yilda “II-darajali SHon-SHaraf” ordeni bilan taqdirlangan.

2010-2017 yillar oralig‘ada Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Birinchi toifali harbiy uchuvchi.

polkovnik BAXTIYOR YIGITALIEVICH SAIDOV

Baxtiyor Saidov 1970 yil 6-aprelda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 1991 yilda Lugansk Oliy harbiy aviatsiya shturmanlar bilim yurtini tamomlagan. 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasini, 2009 yilda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi akademiyasi oliy kursini bitirgan. 2015 yil yuksak davlat mukofoti “II-darajali SHon-SHaraf” ordeni bilan mukofotlangan. Birinchi toifali harbiy – shturman.

2017-2020 yilarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.