Faol tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy qobiliyatlari va intellektual salohiyatini oshirish maqsadida tizimlararo integratsiya, vazirlik va idoralararo hamkorlik dasturlari ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan. Zero, zamonaviy ilm-fan sohasini puxta egallash bilan birga jamiyatning ijtimoiy mezonlaridan boxabar, milliy o‘zlik va zamonaviy tamaddun mezonlari uyg‘unligini o‘zida anglagan, yetuk kadrlarni o‘z saflarida ko‘rishni har bir rahbar xohlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya instituti tomonidan joylarda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. O‘quvchi-yoshlarga harbiy xizmatning jozibasini namoyon qilish orqali ularni ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kelgusida yetuk, malakali, o‘zining faol hayotiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan vatanparvar harbiy aviatorlarni tayyorlash borasidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Qarshi shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuv avvalida, maktabning ixtirochi o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqilgan robototexnika va ratsionalizatorlik ishlanmalari, san’atga oshno o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan go‘zal san’at asarlari namoyish etildi. Uchuvchilar sardori bilan bo‘lgan muloqat davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar, bir olam motivatsiya olgan tadbir ishtirokchilariga Harbiy aviatsiya institutining targ‘ibot guruhi tomonidan qo‘l jangi chiqishlari, faxriy qorovul tarkibining namoyishlari, harbiy orkestr jamoasining harbiy vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari tarannum etildi.