Kursantlarga

O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 2019 yil 14 dekabrdagi
1210-sonli buyrug’iga ilova

O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarning Or-nomus
KODEKSI

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining Or-nomus kodeksi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining kasbiy mahorati, o‘zining bilim yurti bilan faxrlanish va liderlik sifatlarini shakllantirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda kursantlarning mas’uliyati va doimiy jangovar shaylik darajasini yuksaltirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat va jamiyat tomonidan umume’tirof etilgan odob-ahloq tamoyillari va me’yorlariga asoslangan.

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Or-nomus kodeksi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining kasbiy xizmat etikasi va ta’lim olish jarayonidagi xulq-atvorining asosiy jihatlarini o‘z ichiga oladi.
  2. Or-nomus kodeksi maqsadi – kursantlar tomonidan ahloqiy me’yorlarni chuqur bilishlari va tahsil olish davomida o‘z faoliyatini munosib bajarishini ta’minlash, kursantlar jamoasining obro‘yini yuksaltirish hamda fuqarolarning kasbga bo‘lgan qiziqishi va hurmatini oshirishdir.
  3. Or-nomus kodeksi vazifasi – kursantlar tomonidan harbiy intizom qoidalariga rioya etilishini va o‘z majburiyatlarini samarali bajarilishini ta’minlashdir.
  4. Or-nomus kodeksi Mudofaa vazirligida harbiy xizmatni o‘tash sohasida harbiy ahloq normalariga asoslangan munosabatlarni va jamoa ongida harbiy xizmatga hurmat munosabatlarini shakllantirish hamda kursantlarni o‘zini o‘zi nazorat qilish uchun xizmat qiladi, shuningdek, kursantlarning ijtimoiy ongi va ahloqi hamda o‘zini o‘zi nazorat qilish instituti sifatida namoyon bo‘ladi.
  5. Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari tomonidan Or-nomus kodeksining talablarini bilishi ular faoliyatini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.

2-bob. Kursantlarning xizmatga oid xulq-atvorining
asosiy tamoyil va qoidalari

  1. Kursant, davlat, jamiyat va fuqarolar oldidagi mas’uliyatini his qilgan holda har doim:
    vatanparvar – Vataniga sodiq, o‘z yurtining shonli tarixi bilan faxrlanadi, davlat ramzlarini hurmat qiladi va ular bilan g‘ururlanadi. U Vatanni har qanday tajovuzlardan asrashga tayyor;
    sodiq (vafodor) – oilasiga, do‘stlariga, komandirlariga, jamoasiga va xalqiga, harbiy burchga sodiq;
    intizomli – oilasi, jamiyat va ta’lim muassasasi tartib-qoidalariga amal qiladi. U o‘z davlatining qonunlarini so‘zsiz bajaradi;
    Umumharbiy nizomlar talablariga doim rioya qiladi, komandirlarning buyruqlariga so‘zsiz bo‘ysunadi va o‘zining intizomliligi bilan do‘stlariga o‘rnak bo‘ladi;
    jasur – u qo‘rqmas, tajovuz va xavf-xatarga tik qaraydi, taslim bo‘lmaydi. Unda jasorat, mardlik, shijoat va iroda bor, u oldiga qo‘yilgan vazifani bajarish uchun hech narsadan qaytmaydi, kerak bo‘lsa o‘z jonini berishga tayyor;
    adolatli – u har doim adolatli, halol bo‘lishga harakat qiladi. Adolatsizlikni ko‘rganda e’tiborsiz bo‘la olmaydi hamda adolatsizlikka yo‘l qo‘ymaydi;
    ishonchli – u haqiqatni gapiradi. Uning so‘zi – nomus so‘zi. Halollik – uning hayotining mezoni. Odamlar, do‘stlari, xizmatdoshlari va yaqinlari unga har qanday sharoitda suyanishlari mumkin;
    intiluvchan – u har doim bilim olishga, kuchli bo‘lishga, yangiliklar yaratishga intiladi;
    ozoda (pokiza) – u o‘zining yashash va xizmat joyining saranjomligi va shaxsiy tozaligi uchun qayg‘uradi, harbiy libos bilan faxrlanadi, kiyim-bosh rusumini buzmaydi va uni hurmat qiladi;
    tejamkor – u o‘z vaqtini, shaxsiy, harbiy, davlat va xalq mulkini tejab sarflaydi. U milliy boyliklarimizni himoya qiladi;
    minnatdor – u yoshi va mavqeidan qat’iy nazar hamma bilan xushmuomalada bo‘ladi. U yaratilgan sharoitlardan o‘zining o‘qishi, hulqi va xizmatga bo‘lgan munosabati bilan o‘z minnatdorligini namoyon etadi;
    shijoatkor – u har narsada ijobiylikni ko‘rsatadi. Barcha vazifalarni yaxshi kayfiyatda bajaradi. Serg‘ayrat, intiluvchan va tashabbuskor;
    mehribon va rahmdil – u kuch ezgulikda ekanligini tushunadi, boshqalarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘ladi. YOshi kattalarga, do‘stlariga samimiy, qiyinchilik va tushkunlikda yordamga tayyor;
    xayrixoh – u boshqalarni tushunishga intiladi. U boshqalarning fikri va hayot tarzini hurmat qiladi. U vafodor do‘st va o‘rtoq;
    g‘amxo‘r – u boshqalarga nisbatan g‘amxo‘r, o‘z ixtiyori bilan hamda beminnat yordam beradi. Atrofidagilarga o‘qish va xizmatda muammolarni hal etishda g‘amxo‘rlik qilishi talab etiladi.
  2. Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘zlarining butun kuch va g‘ayratlarini, shijoatlarini jamlagan holda Or-nomus kodeksi talablarini bajarishga majburdirlar.

3-bob. Ushbu Or-nomus kodeksiga rioya etilishi
ustidan nazorat qilish

8. Bevosita komandirlar Or-nomus kodeksi talablarini buzilishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘radi va ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

9. Bevosita komandirlar Or-nomus kodeksining buzilishiga yo‘l qo‘ygan kursantga nisbatan tegishli choralar qo‘llash to‘g‘risida yuqori turuvchi komandirga takliflar kiritadi.

4-bob. Yаkuniy qoidalar

  1. Kursantlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida, shuningdek, ularni intizomiy rag‘batlantirish va jazolash vaqtida ular tomonidan Or-nomus kodeksi talablariga qanchalik amal qilinganligi inobatga olinadi.
  2. Kursantlar tomonidan Or-nomus kodeksi talablarining buzilishi holatlari jamoatchilik muhokamasida ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Intizom nizomi talablariga asosan javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.