O‘zbekiston Respublikasi Harbiy aviatiya institutida bitiruvchi bosqich kursantlari bilan Gumanitar fanlardan yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkazildi.

Majoziy ma’noda aytganda: “G‘alvir suvdan ko‘tarildi”, ya’ni kursantlar o‘qishi davomida davlat va jamiyat qurilishi, jamoat tartibi va xavfsizligi, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar uslubiyoti, axloqiy-ruhiy tayyorgarlikdan egallagan barcha bilimlarini namoyon etishdi.

Qo‘shinlarga ofitserlik harbiy unvonlarida komandirlik va boshliqlik lavozimlariga yuboriladigan bo‘lajak ofitserlarga liderlik sifatlarini shakllantiradigan, boshqaruv ko‘nikmasini oshiradigan, shaxsiy tarkib oldida teran va davomli nutq so‘zlay olish qobiliyatlariga sayqal beradigan fanlarni o‘zlashtirish ular uchun juda ham muhim sanaladi. Chunki, bugunning armiyasi keng dunyoqarashli, teran fikrli, zamonaviy ilm-fandan boxabar, madaniyatli harbiy kadrlarni talab qilmoqda.

Ishonamizki, Harbiy aviatsiya institutining mazkur bitiruvchilari o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish barobarida vatanparvarlik, jonkuyarlik, sadoqat va liderlik sifatlarini o‘zida shakllantirgan. Institutda yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari davom etadi.