Har yili yoz mavsumida yurtimiz bo‘ylab o‘tkaziladigan bolalar oromgohlari faoliyatining asosiy maqsadi — yoshlar salomatligini mustahkamlash, ularning ma’naviy dunyosini boyitish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Shu maqsadda Harbiy aviatsiya instituti harbiy xizmatchilari, xususan, harbiy psixolog va harbiy orkestr ijodiy jamoasi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bo‘lishdi. Ularning tashrifi yoshlar qalbiga iliqlik, ruhan ko‘tarinkilik va yurtparvarlik tuyg‘ularini olib keldi.

Tadbirlar dasturi sport musobaqalari bilan boshlandi. Bolajonlar harbiy xususiyatga ega bo‘lgan turli sinovlarda o‘z kuch, chaqqonlik, epchillik va bardoshliliklarini namoyon etdilar. Ayniqsa, jamoaviy muvofiqlikni talab qiluvchi mashg‘ulotlar ular orasida do‘stlik, yelkadoshlik va bir maqsad sari intilish ruhini mustahkamladi. Har bir sport sharti nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki bolalarning muammolarga yechim topish, tezkor qaror qabul qilish va o‘z imkoniyatlarini anglash kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbirning ikkinchi qismi harbiy-vatanparvarlik festivaliga bag‘ishlandi. Unda faxriy qorovul vzvodining tantanali yurishi, qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy orkestrning jonli ijrosi ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, ayniqsa, bolalar qalbida olam-olam quvonch uyg‘otdi. “Vatan” so‘zini o‘zida mujassam etgan ohanglar ular qalbiga iftixor, g‘urur va yurtga sadoqat tuyg‘ularini singdirdi.
Darhaqiqat, “Lochin” oromgohida o‘tkazilgan ushbu tadbir nafaqat yoshlar uchun maroqli kun, balki ularning ongida hayotiy saboqlar, milliy qadriyatlarga hurmat va Vatanga muhabbat hissini uyg‘otgan muhim voqelik bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarda ma’naviy yuksalish, ijtimoiy faollik, sog‘lom turmush tarzi va harbiy xizmatga bo‘lgan ijobiy munosabatni shakllantirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.