O‘zbekiston Respublikasi Harbiy aviatsiya institutida “Аviаtsiyani istiqbolli rivojlanishi va uning yangi avlod istiqbolli ta’minoti texnologiyalari” mavzusida navbatdagi respublika ilmiy-nazariy anjumani o‘tkazildi.

Keng fikr-mulohazalar, qizg‘in bahs va munozaralarga boy o‘tgan mazkur anjumanda harbiy aviatsiyani kelajakda rivojlantirish, zamonaviy navigatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, xalqaro harbiy sanoat majmuasidagi aviatsiyaning yangi avlod materiallari, rivojlanish istiqbollari va qo‘llanilishi to‘g‘risida ma’lumotlarni yetkazish, zamonaviy aviatsiya sohasida uchish  apparatlari va uchuvchisiz aviatsiya majmualarini qo‘llash borasidagi eng yangi yutuqlarni targ‘ib qilish yo‘nalishlarida so‘z bordi. Institutning soha yo‘nalishidagi mutaxassislari bilan birgalikda Toshkent davlat texnika universiteti hamda Toshkent davlat transport universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi anjumanda zamonaviy aviatsiyaning istiqboli sifatida qaralayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘shinlarda qo‘llanilishi va ishlab chiqishning samaradorligi o‘rganib chiqildi va taklif loyihalari ishlab chiqilishi reja qilindi.