Abiturientlarga

Umumiy qoidalar

O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya instituti (O‘RHAI) harbiy ta’lim olish istagini bildirgan, o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan, yuksak axloqiy-ishchanlik qobiliyatiga ega bo‘lgan, qabul shartlari, kasbiy tanlovning barcha talablariga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Institutga tanlash tadbirlari 4 bosqichda amalga oshiriladi:

1 bosqich (Harbiy-professional yo‘nalish) MIB yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlash o‘qituvchilarini jalb etgan xolda o‘rta maktab, akademik litsey va kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bilan doimiy ravishda olib boriladi.

2 bosqich (Dastlabki tanlash) MIB, h/q muassasalari va OHTM kichik komissiyalari bilan birgalikda belgilangan muddatlarda olib boriladi.

3 bosqich (Harbiy-professional tanlash) OHTMlarida tashkil etilgan qabul komissiyalari tomonidan olib boriladi.

4 bosqich (Test sinovlari) O‘R Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi xamda OHTMlarida tashkil  etilgan qabul komissiyalari tomonidan olib boriladi.

Hujjatlar tayyorlash va qabul qilish tartibi:

Institutga tugallangan o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan:

– ofitserlar tarkibi harbiy unvoniga ega bo‘lmagan, 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar;

– 17 yoshdan 23 yoshgacha  bo‘lgan, shu jumladan qabul yili 17 yoshga to‘ladigan O‘zbekiston respublikasi fuqarolari qabul qilinadi. Ta’lim muddati 5 yil. Ta’lim jarayoni у́zbek, rus va ingliz tillarida olib beriladi.

Institutga o‘qishga kirish istagini bildirgan shaxslar o‘qishga kirish yilining 1 fevraliga qadar yashash joyidagi tuman yoki shahar mudofaa ishlari bo‘limiga ariza beradilar.

Arizada abiturientning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va oyi, turar joyining manzili, harbiy institutning nomlanishi, mutaxassisligi ko‘rsatiladi. Arizaga tarjimai holi, ish joyidan (o‘qish joyidan), ishlamaydiganlar – mahalla fuqarolar yig‘inidan tavsiyanoma, o‘rta malumoti haqidagi hujjatning nusxasi (o‘quv yurti bitiruvchilari uchun oxirgi chorak baholari ko‘rsatilgan tabelning nusxasi), ikkita 4,5×6sm va oltita 3×4sm o‘lchovdagi (bosh kiyimsiz) tasdiqlangan fotosurat, turar joyidan oilaviy holati, ota-onalarining ish joyidan (ishlamaydigan ota-onalar uchun mahalla fuqarolar yig‘inidan) ma’lumotnomalar ilova qilinadi.

Abiturientlar harbiy aviatsiya institutiga kelganlarida qabul komissiyasiga harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, o‘rta ma’lumoti haqidagi hujjat (attestat, diplom), tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning asl nusxalari va oziq-ovqat attestatini (harbiy xizmatchilar) taqdim qiladilar.

Nomzodlarning dastlabki tanlovi

Nomzodlar institutga o‘qishga qabul qilishda dastlabki tanlovning quyidagi yo‘nalishlari bo‘yicha tekshirib ko‘riladi:

– hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;

– yakka tartibdagi suxbatlashish;

– individual-psixologik o‘rganish;

– umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini baxolash;

– tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.

Nomzodlarning ijtimoiy faolligini va ma’naviy-ishbilarmonlik fazilatlarini aniqlashda:

– nomzodlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan isloxatlarning moxiyati va axamiyati, davlatni ximoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarini tushunishi;

– yuqori darajadagi xushyorlik xamda yot mafkura va axloqqa nisbatan murosasizlik zarurligini anglash;

– burchni xis etish, qat’iyatlilik, ishchanlik, mehnatsevarlik va to‘g‘rilik;

– jamoat ijtimoiy hayotidagi faol qatnashuvi

– nomzod tomonidan xizmat (mexnat) faoliyatida, o‘qishda va yoshlarni chaqriqqacha tayyorlashda erishilgan natijalari xisobga olinadi.

Bundan tashqari, zobit bo‘lishni xoxlashning asoslanganligiga va buning uchun zarur fazilatlar mavjudligiga asosiy e’tibor beriladi.

Nomzodlarni individual-psixologik o‘rganish:

Individual-psixologik o‘rganish davomida nomzodlarga bir nechta vazifa bo‘yicha psixologik testlar beriladi.

Psixologik testlar nomzodlarning quyidagi individual-psixologik xususiyatlarini aniqlashga yo‘naltiriladi:

aql zakovati, umumiy intellektual salohiyati va xotirasi;

mantiqiy fikrlashi, ziyrakligi, tafakkur shakllarining rivojlanganlik darajasi, fikrlash tezligi va tahlil qilish qobiliyatlari;

shaxsiga xos individual xususiyatlari, kirishimliligi, psixik turg‘unligi, samimiyligi;

kasbni tanlashining maqsadi va maqsadining barqarorligi.

Nomzodlar jismoniy tayyorgarligini baholash.

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarliklarini baholash quyidagi tartibda aniqlanadi:

– kuchlilik (turnikda tortilish);

– chidamlilik (3 km ga yugurish);

– tezlik (100 m ga yugurish);

Jismoniy tayyorgarlik imtihon me’yorlari (fuqarolar uchun):

Mashqlar turlariO‘lchov birligiBaho va me’yorlar
a’loyaxshiqoniqarli
3000 m yugurishMinut13.2013.20-14.014.00-14.30
100 m yugurishSekund14.414.5-14.814.9-15.4
Turnikda tortilishMarta119-107-8

Jismoniy tayyorgarlikdan umumiy bahosi «qoniqarsiz»  bo‘lgan nomzodlar, ixtisoslashgan imtihonning ikkinchi bosqichiga qo‘yilmaydi va qaytarib yuboriladi:

– harbiy xizmatchilar – muqaddam xizmat joylariga;

– fuqaro yoshlari – yashash joyi bo‘yicha tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlariga.

Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish:

– nomzodlar tibbiy ko‘rikdan MV buyrug‘i bilan tasdiqlangan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi;

– sog‘lig‘ining xolatiga ko‘ra Institutda o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari nomzodlarning umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha yozma imtihon qabul qilish nomzodni umumta’lim fanlarini o‘zlashtirganlik darajasini va aqliy qobiliyatlarini aniqlash maqsadida tasdiqlangan metodika bo‘yicha o‘tkaziladi.

Umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihon natijalarini tekshirish kichik komissiya tarkibi tomonidan kollegiallik prinsipi asosida amalga oshiriladi va baholanadi. Unda beshta fandan tuzilgan savollarning har biriga – 1 balldan beriladi. Agar savolga to‘g‘ri va aniq javob berilgan bo‘lsa 1 ball, javob noto‘g‘ri yoki noto‘liq bo‘lsa – 0 ball qo‘yiladi.

Umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihon topshirgan nomzodga qo‘yilgan ballar natijasi 6.0 koefitsentga ko‘paytirish orqali “30” ballik tizimda quyidagi formula asosida baholanadi:

Ub = Ib x 6

Ub – Yakuniy (umumiy) ball;

Ib – Umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihon balli.

Umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihonga uzrsiz sabablarga ko‘ra qatnashmagan nomzodlar “0” ball bilan baholonadi.

Yozma imtihon savollari quyidagi fanlar bo‘yicha bittadan savollar kiritilgan topshiriqlardan iborat bo‘ladi:

matematika;

fizika;

ona tili (adabiyot);

tarix;

geografiya.

 Umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihon topshirgan guruhga o‘rnatilgan tartibdagi qaydnoma rasmiylashtiriladi va unga nomzodlar tomonidan berilgan to‘g‘ri javoblar soni va ular uchun qo‘yilgan baholar ko‘rsatiladi.

Harbiy professional tanlov yakuniy natijalari bo‘yicha 45 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qo‘yiladi.

Nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qo‘yish
yoki qo‘ymaslik to‘g‘risidagi qaror haqida qaydnomaga yozib qo‘yiladi.

Natijalar shu kunning o‘zida nomzodlarga e’lon qilinadi.

Test sinovlari.

Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test Markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Test  sinovlarini tayyorlash va o‘tkazish

Test sinovlari 1 avgustda o‘tkaziladi.

Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test Markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Test sinovlari uch tilda – o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.

Test savollari to‘plami quyidagi fanlar bo‘yicha tuziladi:

1 – blok (majburiy fanlar):

ona tili va adabiyot (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq) – 15 ta savol, har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball belgilangan.

matematika – 15 ta savol, har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball belgilangan.

o‘zbekiston tarixi – 15 ta savol, har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball belgilangan.

2 – blok (ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar):

matematika fanidan – 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball;

fizika fanidan – 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball;

Har bir savollar to‘plami ta’lim yo‘nalishiga mos fanlardan 60 ta topshiriqni majburiy fanlardan 45 ta topshiriqni o‘z ichiga oladi.

Test sinovlarini topshirish uchun 3.30 daqiqa vaqt beriladi.

Test sinovlarini tashkillashtirish va o‘tkazish bo‘yicha javobgarlik joylardagi Davlat test Markazi vakillari va hokimiyatlar tomonidan tayinlangan audi­toriya rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

OHTMlarga kirish imtiyozlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi «O‘zbekiston o‘quvchi yoshlarni rag‘batlantirish choralari haqida» gi qaroriga muvofiq va O‘R Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 25 martdagi №157 qarori bilan tasdiqlangan xalqaro va Respublika olimpiadalari o‘quvchi-g‘oliblarini rag‘batlantirish tartibi asosida mazkur olimpiada g‘oliblari qabul komissiyasining xulosasiga binoan, agarda ixtisoslashgan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda test sinovlarisiz va konkurssiz qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining 2017 yil 22 avgustdagi 2914-son Qaroriga asosan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi, harbiy xizmat davrida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan, muddatli harbiy xizmatni tamomlab, o‘rnatilgan shakldagi tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolarga test sinovlarida o‘zi to‘plashi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 50% miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi.

Harbiy akademik litseylarining bitiruvchilariga test sinovlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 30% miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘R QK serjantlarining maqomi to‘g‘risida” 2004 yil 12 apreldagi 170-sonli qaroriga muvofiq “Ilg‘or serjant” nominatsiyasida Respublika turining g‘oliblari bo‘lgan serjantlar O‘R ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlari topshirmasdan o‘qishga qabul qilinadilar. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlar tarkibi lavozimlarida 5 yil benuqson xizmat qilgan serjantlarga ijobiy tavsifnomalari bo‘lsa, bunday serjantlarga test sinovlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20% miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3726-sonli Qaroriga asosan ota-onasi haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan fuqarolarga Respublikadagi Oliy ta’lim muassasalariga tavsiyanoma orqali besh foizli imtiyozli kvota asosida bilim yurtiga qabul qilinadi.

Agar nomzod bir vaqtning o‘zida ko‘rsatilgan imtiyozlardan bir nechtasiga ega bo‘lsa, ular tomonidan to‘plangan ballar yig‘indisiga imtiyozlar bo‘yicha eng yuqori ball qo‘shiladi.

Kursantlar safiga qabul qilish.

Nomzodlarni kursantlar safiga qabul kilish va mutaxassisliklar bo‘yicha taqsimlash institut qabul komissiyasi tomonidan har bir nomzodning test sinovla­ri natijasida olgan jami ballari hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasdiqlagan oliy harbiy ta’lim muassasalarini butlash rejasi asosida amalga oshiriladi.