Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy aviatsiya institutida bitiruvchi bosqich kursantlari ishtirokida “Yangi hayot ostonasining jozibasi va oila-nikoh munosabatlarining mezoni” mavzusida ochiq muloqot tadbiri o‘tkazildi.
Muloqot davomida yoshlar uchun oila institutining jamiyatdagi o‘rni, nikoh munosabatlarida o‘zaro hurmat, sabr-toqat, ishonch va mas’uliyat kabi muhim jihatlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan Mudofaa vazirligi Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi o‘zining boy hayotiy tajribasi va amaliy kuzatuvlari asosida kursantlarga oilaviy hayotga tayyorgarlik, sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish hamda oilaviy qadriyatlarga sadoqat bilan yondashish masalalarida foydali tavsiyalar berdi.
Shuningdek, tadbir doirasida oilaviy munosabatlarning bardavomligi va barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi zamonaviy metodikalar asosida master-klass mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
