O‘zbekiston Respublikasi Harbiy aviatsiya institutida tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Harbiy aviatsiya instituti magistratura bosqichi magistrantlari va Aviatsiya mutaxassislari malakasini oshirish fakultetida tahsil olgan DXX chegara qo’shinlari harbiy xizmatchilaridan iborat bitiruvchilarga diplom va sertifikatlarni topshirishga bag‘ishlandi.
Marosimda Mudofaa vazirligi rahbariyati, Havo hujumidan mudofaa qo’shinlari va Harbiy havo kuchlari qo’mondonligi vakillari, o‘qituvchilar, ofitserlar, shuningdek bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdilar. Tadbirni HHMQ va HHK qo’mondonining birinchi o’rinbosari – shtab boshlig’i polkovnik Atabek Kamalov ochib berib, bitiruvchilarga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. U o‘z nutqida bitiruvchilarning Vatan himoyasidagi mas’uliyatli xizmatga tayyor ekani va ular oldida yuksak vazifalar turganini ta’kidladi.
Marosim davomida bitiruvchilarga tantanali ravishda diplom va malaka oshirish sertifikatlari topshirildi. Bitiruvchilar O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibida o‘z xizmat burchlarini sidqidildan ado etishga, bilim va ko‘nikmalarini mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlashga safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur bitiruv marosimi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safini malakali aviatsiya mutaxassislari va zamonaviy harbiy aviatsiya sohasida yetuk bilimga ega ofitserlar bilan to‘ldirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.