Ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlash, jismonan chiniqqan, ma’nan yetuk yoshlarni harbiy oliy ta’lim muassasalariga kengroq jalb qilish maqsadida Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida so‘z olganlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamiz saflari va yurtimiz sarhadlarini mard, jasur o‘g‘lonlar bilan ta’minlash, ayniqsa, yuksak bilimga ega harbiy uchuvchi va muhandislarimiz safini kengaytirish institutning asosiy ko‘zlagan maqsadi ekanligini alohida ta’kidladi.
Davra suhbati tarzida tashkil etilgan uchrashuv davomida yoshlarning harbiy xizmat, harbiy ilm-fan hamda institutda o‘qish shart-sharoitlari bilan bog‘liq savollariga atroflicha javob berildi.
Ekskursiya davomida oʻquvchi yoshlar bilim yurti faoliyati, kursantlarning o‘quv-tarbiya va kundalik turmush-tarzi, bilim olishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi. Ayniqsa, tadbirda zamonaviy o‘quv simuliyatsion kompyuter sinflari va trenajor xonalarida o‘rnatilgan o‘quv modellari, harbiy bilim yurti bazasida tashkil etilgan “Aviamodelchilar” to‘garagi yosh tashrifchilarning harbiylikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Shunindek, yoshlar jangovar texnikalar hamda oʻqotar qurollar trenajyor komplekslarida boʻlib, amaliy mashgʻulotlarda oʻzlarini sinab koʻrishdi. Jarayonda mutaxassislar ham bevosita ishtirok etib, harbiy texnikalarni boshqarish boʻyicha maktab oʻquvchilariga tegishli maʼlumotlar berishdi.